🕊Joriy yilning 6–9-yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi mutaxassislaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Guanchjou shahriga amaliy tashrif bilan bordi. Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida 2023-yilda imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etildi.
Amaliy tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ–270-son qarori ijrosini ta’minlash, sud-tibbiy ekspertiza sohasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, sohani raqamlashtirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etishdan iborat bo‘ldi. Xususan, sud-tibbiy ekspertiza amaliyotida virtual autopsiya, kompyuter tomografiyasi va yuqori aniqlikdagi raqamli tekshiruv usullarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida delegatsiya Guanchjou shahrida joylashgan, dunyo miqyosida tan olingan zamonaviy tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, sud-kimyo, sud-tibbiy gistologiya, molekulyar-biologik va DNK ekspertizasi yo‘nalishlarida qo‘llaniladigan yuqori texnologiyali uskunalar, ularning texnik imkoniyatlari, ishlash mexanizmlari hamda xalqaro standartlarga muvofiqligi o‘rganildi.
Shuningdek, mazkur ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida 2026-yil davomida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy filiallarida mavjud uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish, ularni modernizatsiya qilish, ehtiyot qismlar bilan ta’minlash, shuningdek, sud-tibbiy ekspertlar va muhandis-texnik xodimlar uchun malaka oshirish va o‘quv kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
➡️Bundan tashqari, hamkorlik doirasida ayrim zamonaviy tibbiy jihozlar va texnologiyalar bo‘yicha beg‘araz yordam ko‘rsatish, tajriba almashish hamda uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
➡️Mazkur amaliy tashrif sud-tibbiy ekspertiza sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali ekspertiza xulosalarining sifatini oshirish, tekshiruv jarayonlarining shaffofligi va ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazida xorijiy tajriba