Sog‘liqni saqlash vazirligining topshirig‘iga muvofiq, hududlarda aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni chuqur o‘rganish, ayrim kasalliklar bo‘yicha kasallanish ko‘rsatkichlarining o‘sish sabablarini tahlil qilish, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini yanada muvofiqlashtirish hamda aholida kasallanish xavfini kamaytirish va kasalliklarni erta aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida keng ko‘lamli kompleks tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Sh.I. Ro‘ziyev boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida amaliy o‘rganish ishlarini olib bormoqda. O‘rganishlar davomida hududdagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, mavjud infratuzilma, kadrlar salohiyati, diagnostika va ekspertiza xizmatlarining sifati, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar hajmi hamda mavjud muammolar atroflicha tahlil qilinmoqda.
Tashrif doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Kurbanov Murad Ismaylovich bilan kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hududda sud-tibbiy ekspertiza xizmatini yanada rivojlantirish, tibbiy jihozlar bilan ta’minlash darajasini oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda aholi uchun sifatli va tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida quyidagi muhim kelishuvlarga erishildi:
filial va uning tarkibiy bo‘linmalari ehtiyojlari uchun 4 dona zamonaviy UTT (ultratovush tekshiruvi) apparati ajratildi;
2 dona yuqori aniqlikdagi rentgen apparati bilan ta’minlash belgilandi;
filial faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 1 dona xizmat avtomobili ajratildi;
bo‘linma faoliyati uchun barcha zarur infratuzilmaga ega tayyor bino ajratish masalasida o‘zaro kelishuvga erishildi.
Shuningdek, 2026-yilda filialning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash, raqamlashtirish jarayonlarini keng joriy etish hamda mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Mazkur sa’y-harakatlar hududda sud-tibbiy ekspertiza xizmatining sifatini oshirish, tibbiy tekshiruvlarning aniqligi va tezkorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori Sh.I. Ro‘ziyev boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida amaliy o‘rganish ishlarini olib bormoqda



