Turkiya davlati Anqara shahrida «EGEFE» kompaniyasiga tashrifi va korxona direktori Kazim Altinok bilan olib borilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha ma’lumotlar muhokamaga qo‘yildi

Joriy yilning 4 avgust sanasida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori Sh.I.Ro‘ziyev, Markaz umumiy ishlar bo‘yicha direktor muovini B.S.Turonov va boshqa mutaxassislarning 28 iyulidan 2 avgustgacha muddatda Turkiya davlati Anqara shahrida «EGEFE» kompaniyasiga tashrifi va korxona direktori Kazim Altinok bilan olib borilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha ma’lumotlar muhokamaga qo‘yildi:
🔹 O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi sud-biologiya bo‘limi laboratoriyasida ayni paytda ISO/IEC 17025 standartiga muvofiqligi to‘g‘risidagi xalqaro sertifikat olishga tayyorgarlik bosqichi olib borilmoqda. Markazning sifat menejmenti tizimi tadqiqotlar o‘tkazishda ishonchli va zamonaviy usullardan foydalanishni nazarda tutadi. Markazning sud-biologik laboratoriyasining tadqiqot usullariga inson qoni va sekretsiyasining mavjudligi, turlari va guruhga mansubligini aniqlash kabi tadqiqotlar kiradi. Turkiya sud biologiya ekspertizasi sohasida bu tekshiruvlar ekspress test usulida amalga oshirilishi o‘rganildi.
🔹Shu bilan birga, so‘nggi yillarda sintetik giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir etuvchi moddalarning yangi turlarining paydo bo‘lishi, ularning aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida to‘siqsiz, jumladan, internet ijtimoiy tarmoqlaridan foydalangan holda, inson omilisiz tarqatilayotgani bu boradagi mas’ul davlat organlari faoliyatini zamonaviy o‘ta sezgir uskunalardan foydalangan holda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini taqozo etmoqda. Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarni iste’mol qilishning oldini olish va aniqlash sohasidagi ustuvor maqsadlarga erishish maqsadida Markazimiz tomonidan sud-kimyo bo‘limi uchun zamonaviy o‘ta sezgir uskunalar xarid qilinishi rejalashtirildi.
🔹Sud-biologik va sud-kimyoviy ekspertizalarni takomillashtirish, yangi zamonaviy usullarni amaliyotga joriy etish maqsadida sud- biologiya bo‘limida tur mansubligini aniqlash uchun ekspress test usuli, sud- kimyo bo‘limida giyohvand, psixotrop moddalarni so‘lakdan aniqlash uchun portativ immunoxromatografik analizator usullarini Toshkent shahar, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Buxoro filiallari bo‘limlarida sinovdan o‘tkazib, amaliyotga joriy qilish chora tadbirlarini ko‘rish masalasi muhokama qilindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan