O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ–270-son qarori ijrosini ta’minlash, sud-tibbiy ekspertiza sohasida boshqaruv va ekspertlik jarayonlarini yanada takomillashtirish, ularni bosqichma-bosqich raqamlashtirish, shuningdek zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi hamda uning barcha viloyat filiallarida “e-ekspertiza” axborot tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi.
Mazkur axborot tizimi sud-tibbiy ekspertiza jarayonlarini avtomatlashtirish, ekspertiza tayinlash, o‘tkazish va natijalarini rasmiylashtirish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, hujjat aylanishini soddalashtirish hamda inson omili ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, “e-ekspertiza” tizimi orqali ekspert xulosalarining yagona elektron bazasi shakllantirilib, ularning hisobini yuritish, tahlil qilish va monitoring qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Sinov jarayonida tizimning funksional imkoniyatlari, axborot xavfsizligi, foydalanuvchilar uchun qulayligi hamda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligi baholanadi. Sinov natijalariga ko‘ra aniqlangan taklif va tavsiyalar asosida tizimni yanada takomillashtirish hamda uni respublika miqyosida to‘liq joriy etish rejalashtirilgan.
➡️Mazkur loyiha sud-tibbiy ekspertiza sohasida raqamli transformatsiyani jadallashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va soha faoliyatini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

