2026-yil 10-yanvar kuni Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Samarqand viloyati filialiga qarashli Kattaqo‘rg‘on tuman sud-tibbiy ekspertiza bo‘linmasi kapital ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Samarqand viloyati filiali boshlig‘i S.T. Imomov, Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi V. Yo‘rqulovich, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘i, tuman prokuraturasi xodimlari, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i hamda qurilish ishlarini amalga oshirgan mutaxassislar ishtirok etdilar.
Kattaqo‘rg‘on tuman sud-tibbiy ekspertiza va patanatomiya bo‘linmasi binosining qurilishi filiali boshlig‘i S.T. Imomov hamda Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi V. Yo‘rqulovich tashabbusi, shuningdek, tuman davlat sud-tibbiy eksperti X.Yu. Rahmonovning sa’y-harakatlari bilan davlat byudjeti mablag‘lari va mahalliy homiylar ko‘magida amalga oshirildi.
Kapital ta’mirdan so‘ng binoda ekspert xonalari, hamshiralar xonalari, kichik tibbiy xodimlar uchun alohida xonalar, oshxona, qozonxona, yuvinish xonalari hamda arxiv hujjatlarini saqlash uchun maxsus xonalar tashkil etildi. Barcha xonalar zamonaviy kompyuter texnikasi, televizorlar, mebel jihozlari va isitish moslamalari bilan to‘liq jihozlandi.
➡️Kattaqo‘rg‘on tuman sud-tibbiy ekspertiza bo‘linmasi binosining zamonaviy talablar asosida qayta ta’mirlanishi hamda moddiy-texnik jihatdan ta’minlanishi sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvlari sifatini yanada oshirishga, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.





