Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining joriy yil 20-yanvar kuni o‘tkazilgan majlisida  “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi hamda “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining joriy yil 20-yanvar kuni o‘tkazilgan majlisida  “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi hamda “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, aholi bandligini taʼminlash va inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsiyaviy muhitni shakllantirish hamda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining har bir samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilganlik holati hamda dolzarbligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijalari qator yo‘nalishlarda yangi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash zarurati yuzaga kelganini ko‘rsatmoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida “maqsad – harakat – natija” zanjiriga asoslangan mutlaqo yangi strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etilgani bois “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilash va 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash juda muhim ekanligini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Qo‘mita aʼzolari “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunni ham dastlabki tarzda muhokama qildi.

Muhokama davomida sud-ekspertlik faoliyati sud ishlarini har tomonlama, xolis va adolatli ko‘rib chiqishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidlandi. Sud ekspertizasi xulosalarining ilmiy asoslanganligi va ishonchliligi sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinishi uchun muhim shart hisoblanadi.

Shuningdek, qonunga fuqarolarning sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda ham muhim omil sifatida qaraladi.

Shu munosabat bilan ushbu Qonunda hududiy sud-ekspertiza muassasalarida ekspertiza turlarini kengaytirish, nodavlat sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirish hamda sud ekspertlarining mustaqil faoliyat yuritishi uchun zarur huquqiy mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilgan.

Majlis yakunida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan