✍️Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari tomonidan Sirdaryo viloyati filialida sud-tibbiy ekspertiza faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha master-klass tashkil etildi.
Tadbir davomida xodimlarga O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi 73-son qarori bilan tasdiqlangan “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy nizom mazmun-mohiyati batafsil tushuntirib berildi.
Mazkur hujjatlarga muvofiq, sud-tibbiy ekspert xulosasi sud eksperti yoki ekspertlar komissiyasi tomonidan tuziladigan hamda o‘tkazilgan tadqiqotlar jarayoni va natijalarini aks ettiruvchi yozma hujjat yoki elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron shakldagi hujjat ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya (sud) tomonidan chiqarilgan qaror (ajrimi) asosida o‘tkazilishi, ayrim holatlarda esa advokat so‘rovi asosida iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ishlar doirasida sud muhokamasiga tayyorgarlik jarayonida yoki sud muhokamasi davomida shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkinligi haqida ma’lumot berildi.
✈️Bundan tashqari, davlat sud-tibbiy ekspertiza muassasalari hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan qonunchilikda ruxsat etilgan sud-tibbiy ekspertiza turlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazilib, mutaxassis fikri berilishi mumkinligi ham xodimlarga tushuntirildi.
➡️Master-klass davomida xodimlarning savollariga javob berilib, amaliy faoliyatda ushbu normativ-huquqiy hujjatlarni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi xodimlari Sirdaryo viloyati filialida master-klass tashkil qildilar


