Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining bir guruh xodimlari sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Sud-tibbiy ekspertiza markaziga xizmat safarini amalga oshirmoqdalar.
🟡Tashrif doirasida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ro‘ziyev Sherzod Ibodullayevich hamda Rossiya Federatsiyasi Sud-tibbiy ekspertiza markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Makarov Igor Yurovich bilan yuqori saviyada uchrashuv tashkil etildi.
✅Mazkur uchrashuv davomida sud-tibbiy ekspertiza sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash hamda ikki tomonlama tajriba almashinuvini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
✅Xususan, qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminar va treninglar tashkil etish, mutaxassislar uchun qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy diagnostika va ekspertiza usullarini joriy etish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.
✅Shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza amaliyotiga innovatsion yondashuv sifatida virtual autopsiya (raqamli postmortem tekshiruv)ni joriy etish, DNK tadqiqotlari yo‘nalishida ilg‘or laboratoriya texnologiyalaridan foydalanish, sud-kimyo hamda murakkab ekspertizalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
⚡️Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi. Mazkur hujjat doirasida markaz xodimlarining DNK ekspertizasi, sud-kimyoviy tadqiqotlar hamda murakkab ekspertiza yo‘nalishlari bo‘yicha malakasini oshirish, yetakchi mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari tashkil etish, shuningdek, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish belgilab olindi.
✈️Hozirgi kunda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi xodimlari mazkur kelishuvlar asosida malaka oshirish va tajriba almashish dasturlarida faol ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitmoqdalar. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizda sud-tibbiy ekspertiza xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.




