Avval xabar berganimizdek, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori Sh. Ro‘ziyev Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlarning sud-ekspertiza muassasalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim xalqaro tadbirda ishtirok etmoqda.
Ushbu tadbir doirasida joriy yilning 4-aprel kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon o‘rtasida uch tomonlama o‘zaro hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
⚡️Mazkur uchrashuvda respublikadagi barcha ekspertlik muassasalari, jumladan Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi ham faol ishtirok etdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, sohada zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
🖌Kelishuvga muvofiq, uch tomonlama hamkorlik doirasida kadrlar almashinuvi, mutaxassislar malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish, yangi turdagi ekspertiza yo‘nalishlarini birgalikda joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza faoliyatiga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish, ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda tajriba almashinuvini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, zarur hollarda murakkab ekspertiza holatlarini ko‘rib chiqishda mustaqil ekspertlarni jalb etish, xolislik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha ham o‘zaro kelishuvga erishildi.
✈️Mazkur uch tomonlama hamkorlik sud-ekspertiza sohasida sifat va samaradorlikni oshirish, shuningdek, xalqaro standartlarga mos tizimni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.


