Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlarning sud-ekspertiza muassasalari o‘rtasida “Turkiy sud ekspertiza tarmog‘i (TSET)” to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi loyihasini imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlarning sud-ekspertiza muassasalari o‘rtasida “Turkiy sud ekspertiza tarmog‘i (TSET)” to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi loyihasini imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
✅Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy yordamni tashkillashtirish departamenti yetakchi mutaxassisi F. Bobayev hamda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori Sh. Ro‘ziyev 2026-yil 3-aprel kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida
o’tkazilgan birinchi tasis yig’ilishida ishtirok etdilar.
⏺Tadbir doirasida TDTga a’zo davlatlarning sud-ekspertiza muassasalari TSET tarmog‘iga Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi
a’zoligiga qabul qilinib, o‘zaro ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori Sh. Ro‘ziyev sud-ekspertlik faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

⏺Jumladan, TDT doirasida sud-ekspertlik faoliyati bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashni tashkil etish hamda uning TDTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlari, Ichki ishlar va Mudofaa vazirlari kengashlari, shuningdek boshqa tarmoqlararo tuzilmalar bilan tizimli hamkorligini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
⏺Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi mamlakatimizdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan samarali hamkorlik olib bormoqda. Bu esa sud-ekspertlik faoliyatini ilmiy asosda takomillashtirish, dalillar bazasining ishonchliligini ta’minlash hamda sud-tergov jarayonlarining xolisligi va shaffofligini oshirishga xizmat qilmoqda.
⏺Shu bilan birga, zamonaviy tahdidlar — transmilliy jinoyatchilik, raqamli jinoyatlar va murakkab ekspertiza tadqiqotlarining ortib borayotgani xalqaro darajada muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni talab etmoqda.

➡️Mazkur nuqtai nazardan, TDT doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengashni shakllantirish va uni boshqa sohaviy kengashlar bilan integratsiyalash quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda muhim natijalarga erishish imkonini beradi:
sud-ekspertlik faoliyatida yagona standart va metodik yondashuvlarni joriy etish;
ilg‘or ilmiy-tadqiqot natijalari hamda amaliy tajribani tizimli almashish;
sud-ekspert kadrlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirishni muvofiqlashtirish;
jinoyatlarni fosh etishda zamonaviy ekspert texnologiyalaridan samarali foydalanish;
davlatlararo huquqiy hamkorlikni mustahkamlash.

⏺Shuningdek;Markaz va TDT o’rtasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro axborot almashinuvini kuchaytirish, qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlar va tadqiqotlarni amalga oshirish hamda kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib olindi.
✈️Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mazkur tashabbusni amalga oshirish sud-ekspertlik faoliyati samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda huquqni muhofaza qilish tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan