Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi rahbariyatining 16-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlarga muvofiq, har bir viloyat filialiga biriktirilgan mas’ul xodimlarning hisobotlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Hisobotlarda hududlarda olib borilayotgan ishlar, ko‘rsatilayotgan sud-tibbiy ekspertiza xizmatlari sifati, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilindi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyati va Jizzax viloyati filiallari xodimlari bilan alohida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda filiallarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash, mavjud asbob-uskunalardan samarali foydalanish, infratuzilmani mustahkamlash masalalari tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida:
tuman va tumanlararo bo‘limlar faoliyatini tizimli ravishda takomillashtirish;
ekspertiza jarayonlarida sifat nazoratini kuchaytirish;
ish yuritish va hujjat aylanishini tartibga solish;
xizmat ko‘rsatish muddatlariga qat’iy rioya etish;
xodimlarning kasbiy malakasini oshirish va doimiy o‘quv-seminarlarni tashkil etish masalalari yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Aniqlangan kamchilik va muammolar bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
➡️Yig‘ilish yakunida hududiy filiallar faoliyatini samaradorlik, ochiqlik va sifat tamoyillari asosida tashkil etish, sud-tibbiy ekspertiza xizmatlari darajasini yanada oshirish hamda tizimni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
