Turkmaniston Respublikasi Sud-tibbiy ekspertiza byurosi rahbariyati Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga tashrif buyurdi.

Turkmaniston Respublikasi Sud-tibbiy ekspertiza byurosi rahbariyati Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga tashrif buyurdi.
2025-yil 11-iyun kuni Turkmaniston Respublikasi Sud-tibbiy ekspertiza byurosi rahbariyati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga rasmiy tashrif bilan keldi.
Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi sud-tibbiy ekspertiza sohasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish, shuningdek, ilg‘or texnologiyalar va kadrlar salohiyatini rivojlantirishni maqsad qilgan holda amalga oshirildi.
Tashrif doirasida tomonlar 2025-yil 19–23-may kunlari imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Memorandumga muvofiq quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilinadi:
🟢Mutaxassislar malakasini oshirish: Turkmaniston sud-tibbiy ekspertlari uchun Respublika markazida pullik asosda malaka oshirish kurslarini tashkil etish.
🟢Ilmiy-tadqiqot faoliyati: Mustaqil izlanuvchilar (doktorantlar va ilmiy izlanuvchilar) uchun tajriba almashish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari yaratish.
🟢O‘quv va metodik adabiyotlar: Sud-tibbiy ekspertiza sohasi uchun zamonaviy o‘quv qo‘llanmalari, metodik tavsiyanomalar va ilmiy-nazariy materiallarni birgalikda tayyorlash va chop etish.
Bundan tashqari, delegatsiya markazning zamonaviy laboratoriya uskunalari, diagnostika va tahlil imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga sud-tibbiy ekspertiza jarayonlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimi, biologik va toksikologik tahlil laboratoriyalari, shuningdek, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar namoyish etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va kelgusida qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazishga kelishib oldilar.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan