Joriy yilning 11-iyun kuni Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga sud-tibbiy ekspertiza uskunalari bo‘yicha yetakchi mutaxassis, Turkiya Respublikasidan Altinok Kazim tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda sud-tibbiy ekspertiza sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv davomida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi:
Markaz faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish, xususan, ISO sertifikatlarini olish bo‘yicha metodik va texnik ko‘mak ko‘rsatish;
Sud-tibbiy ekspertiza uskunalarini yangilash va modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish;
Yevropalik hamkasblar bilan o‘zaro tajriba va fikr almashuvini tashkil etish, qo‘shma seminarlar, treninglar va konferensiyalar o‘tkazish;
Mutaxassislar malakasini oshirish va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, jumladan, xorijda qisqa muddatli o‘quv-amaliy kurslarda qatnashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish.
Tashrif yakunida Altinok Kazim markazda olib borilayotgan islohotlarni ijobiy baholadi va xalqaro darajada hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Mazkur tashrif ikki tomonlama ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning sud-tibbiy ekspertiza tizimini yanada takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
